Shrift o'lchami Rang Rasm

www.toshloq.uz


<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 4 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi


YANGI YIL BAYRAMI

 2019-12-30 18:46:27    291

PDF yuklash
Chop etish


Bayram – xalqning shodlik va xursandchilik kunidir.

     Mahmud Qoshg’ariy.

O’rta Osiyo xalqlari, ko’pgina sharq mamlakatlaridagidek, hozirgi kunda ikki yangi yilni, ya’ni ajdodlar odati bo’yicha anhanaviy “yil boshi” – “Navro’z”ni va Yevropaning hamma mamlakatlarida rasmiy qabul  qilingan 1 yanvarni yangi yilning kirib kelishi deb bayram qiladilar.

Yangi yil butun dunyoda, jumladan O’zbekistonda ham qiziqarli va mazmunli bayramga aylanmoqda. Bu bayram turli xalqlarda turli vaqtda nishonlanishidan qat’iy nazar, muntazam ravishda o’tkazilib turiladigan, muayyan astronomik ritmda yerning quyosh atrofida bir marta to’liq aylanishi, to’rt fasllik tabiat yilining yana takrorlanishi kabilar bilan bog’liq. Bir yilda yer quyosh atrofida 940 million km yo’lni bosib o’tadi (Bu sekundiga 40 km demakdir). Yer quyosh atrofini 365 kun 5 soat 48 daqiqa, 46 soniyada aylanib chiqadi. Demak, koinot va tabiat bir marta to’liq aylanib chiqishini nishonlaydigan sana bu – yangi yil bayramidir.

Rim imperatori Yuliy Sezar miloddan avvalgi 46-yilda misrliklar tajribasi asosida yangi Yulian kalendarini yaratgan. Bu kalendarga quyoshning “tug’ilishi”, kunning uzaya boshlashi, quyoshning qish burjidan chiqib yangi burjga kirishi asos qilib olingan. Biroq, rim konsullari joylarga borib, 1 yanvardan ish boshlashi kerakligi uchun bu sana yangi yil boshi deb qabul qilingan.

1582 yilda Rim papasi Grigoriy kalendarni isloh qiladi. Chunki Yulian kalendarida har 128 yilda 1 kecha-kunduz yig’ilib, bu 10 kunni  tashkil etyotgan edi. Grigoriy kalendarni 10 kun oldinga suradi. Shundan keyin turli mamlakatlarda asta-sekin Grigoryan kalendariga o’ta boshlanadi. Hozirgi davrda u dunyo bo’yicha qabul qilingan kalendar hisoblanadi.

Dunyoda yangi yilning kirishini 1 yanvar deb qabul qilingan bo’lsada, biroq uni kutib olish turli mamlakatlarda har xil vaqtga to’g’ri keladi. Masalan, Efiopiyada yangi yil sentyabrning o’rtalarida, Birmada esa aprel oyida bayram qilinadi. Indoneziyaning ba’zi orollarida yangi yil bayrami 10 kun davom etadi va har yili turli oylarda nishonlanadi. Hatto ba’zi bir mamlakatlarning o’zida yangi yil turli oylarda nishonlanadi. Masalan, Hindistonning janubida yangi yil mart oyida, shimolida-aprel oyida, g’arbida-oktyabr oyida, Kerala shtatida esa goh iyul, goh avgustda kutiladi. Ko’pgina sharq xalqlarida yuqorida aytilganidek, bahorning kirib kelish vaqti- “Navro’z” 21 martdan 22 martga o’tar kechasi bayram qilingan, u hozir ham yil boshi hisoblanadi.

Yangi yilni nishonlash turli mamlakatlarda qadimdan turlicha odatlar bilan o’tadi. Italiyada yangi yil kirar kun derazadan barcha eski narsalarni uloqtirishar ekan. Kun chiqar mamlakat – Yaponiyada esa, yangi yil kuni yarim tunda qo’ng’iroqdan 108 marta zarb beriladi. 100 va 8 raqami Yaponiyada baxtli hisoblanadi. Qo’ng’iroqning so’nggi zarbidan keyin hamma yotib uxlaydi. Uning barcha shahar va qishloqlaridagi aholisi 1 yanvarg kuni tong otishini ko’rish uchun ko’chalarga chiqadi. Yangi yil quyosh chiqishi bilan kutib olinadi. Quyoshning birinchi nurlari yerga yetganda yaponlar bir-birlarini yangi yil bilan tabriklab, o’zaro sovg’a almashadilar. Kechgacha ko’chalar odamlar bilan gavjum bo’lib, qo’shiqlar, turli o’yinlar va boshqa tomoshalar uyushtiriladi. Kechki payt yaponlar uy-uylariga qaytadilar va o’z oilalari davrasida bayramni davom ettiradilar. Bayram butun yanvar oyida davom etadi. Yangi yil yaponlar uchun faqat bayram bo’libgina qolmay, balki tug’ilgan kun ham hisoblanadi. Yangi yil arafasida idishlarga toza suv to’ldiriladi. Bambuk va qarag’ay novdalari osib qo’yiladi, guruchli sho’rva, seld balig’idan tayyorlangan taomlar tortiladi.

Kubada yarim tunga yaqin ko’zalar suvga to’ldiriladi. Soat millari 12 ni ko’rsatgach, suv yerga to’kib tashlanadi. Bu eski yil baxt olib kelganligini hamda yangi yil ham suvday tiniq va toza bo’lishi lozimligi ma’nosini anglatadi. Har bir kubalik 12 donadan uzum yeyishi shart, bu yil bo’yi baxtiyor bo’laylik, degan ma’noni anglatadi. Shotlandiyada yangi yil kuni istagan kishi xohlagan xonadonga mehmonga kirishi mumkin. Faqat bir sharti bor, u ham bo’lsa – mehmonning qo’lida bir bo’lak ko’mir bo’lishi kerak. Mehmon uyga kirgach, ko’mirni olovga tashlaydi, bu bilan u, shu xonadonda uzoq vaqt olov o’chmasligining tarafdori ekanini bildiradi. Koreya qishloqlarida yangi yil kirgandan so’ng ko’chalarda ommaviy sayil boshlanib, qizlar o’rtasida balandlikka sakrash bo’yicha musobaqa o’tkaziladi.

Ruminiyada yangi yil dasturxoniga varaqilar pishirib qo’yiladi. Odatga ko’ra, uning ichiga tanga, uzuk, mitti chinni, qo’g’irchoq va qalampirga o’xshash narsa solinadi. Uni yegan odam o’zining “baxt” va “iqbol”ini sinaydi. Varaqidan garmdori chiqishi sho’r peshonalik hisoblanar ekan. Vengriyada yangi yil dasturxoniga parranda go’shti qo’yilmaydi, chunki parranda uchadi, oilada shu kuni parranda go’shti yeyish barakani, baxtni uchirar emish. Gvineyada yangi yilning birinchi kuni ko’chalarda fillarni yetaklab yurish odati bor. Keniyada yangi yilda suvda cho’miladilar, qayiqda sayr etib, xursandchilik qiladilar. Sudanda yangi yil kuni odamlar bir-birlariga yong’oq hadya etadilar, bu - yil davomida baxt sizga hamroh bo’lsin, deganidir.

Xitoyda esa, yangi yilni qadimdan “Oy kalendari” bo’yicha yanvar oxiri, fevral boshida nishonlaydi. Shu kuni eski udumlarga asosan kishilar bir-biriga pul solingan qizil konvert sovg’a qiladilar. Yangi yilda “Yo’lbars” marosim raqsi juda tantanali va uzoq davom etadi. Vetnamda yangi yil tunda kutiladi. Kech tushishi bilan vetnamliklar bog’ va ko’chalarda gulxanlar yoqib, bir nechta oila ushbu gulxan atrofida yig’iladi, hamda turli taomlar pishirishadi. Birmada yangi yil yilning eng issiq paytida kirib keladi. Shuning uchun bu bayram Birmada Suv “festivali” nomini olgan. Suv festivalida xoh kichik, xoh katta kishi bo’lsin, hamma bir-biriga suv sepadi. Bu odat baxt tilash ramziy ma’nosini bildiradi. Irlandiyada yangi yil kirib kelishi oldidan kechga yaqin barcha xonadonlar eshigi ochiladi va istagan kishi istalgan uyga mehmon bo’lib kirishi mumkin. Shu kecha soat 11:30 da ular o’z shaharlarining markaziy xiyobonlariga yig’ilib, qo’shiqlar aytadilar, o’ynaydilar va sayr qiladilar.

Mo’g’ulistonda yangi yil chorvadorlik bayrami bilan birga kirib keladi. Ular bayramda qo’y go’shti pishirishadi, chuchvara tayyorlashadi, ularning e’tiqodicha kim ko’p ovqat yesa, uzoq umr ko’radi. Bayramda chaqqonlik va botirlik musobaqalari o’tkaziladi. Bolgariyada esa, odamlar bayram dasturxonlari atrofida yig’ilganlarida uch daqiqa chiroq o’chirib qo’yiladi. Bu daqiqalarda barcha yangi yil niyatlarini “ko’ngilga tugadi”. Qadimdan ko’pgina xalqlar (ko’proq sharqda) yangi yilni erta bahorda yoki kuzda kutib olishgan. Slavyanlarda va boshqa xristian xalqlarda qishni kuzatish va bahorni kutish vaqtida martda “Maslenitsa” yangi yil bayrami nishonlangan. Xristian dini tarqalishi bilan esa u “Vizantiya sistemasi” bo’yicha kuzda, 1 sentyabrda nishonlanadigan bo’lgan. Rossiyada yangi yilni 1 yanvarda bayram sifatida nishonlash ilk bor Pyotr I tomonidan 1699 yilda joriy etilgan. Pyotr I yangi yilni “Lotin odati bo’yicha” kutish haqida maxsus farmon berib, unda 1 yanvar kirar kechasi gulxanlar yoqish, uyni yashil o’simliklar (archa) bilan bezash haqida, kishilar yangi yil bilan bir-birini tabriklashlariga da’vat etgan. Shunday qilib, Rossiyada 1700 yildan boshlab 1 yanvar yangi yil bayrami sifatida nishonlana boshlangan. Sho’rolar davrida ham yangi yil kutib olingan bo’lib 1947 yildan buyon 1 yanvar - Yangi yil bayrami – dam olish kuni deb  e’lon  qilingan. O’rta Osiyoda bu bayram XIX asr oxirida bu yerdagi Yevropaliklar tomonidan nishonlana boshlangan bo’lsa ham, bu yangi bayram – Yangi yil o’zbek hayotiga ham XX asrda singib ketdi. Hozir esa, 1 yanvar – Yangi yil o’zbek xalqining ham eng sevimli va quvnoq bayramiga aylangan.

O’zbekistonda yangi yil bayrami qish chillasi va Yaldo kechasi bilan bog’liq xalq an’analarining davomiga aylanib ketdi. Ma’lumki, 21 dekabrdan 22 dekabrga o’tar kechasi eng uzun tun (17 soat) sodir bo’ladi. Qishning bu eng uzun va qorong’i kechasini Yaldo kechasi deyishgan. Yaldo kechalarini xalqimiz hatto zoriqib kutishgan. Qish kezlari hafta sayin gap-gashtak yeyilgan davraga to’planganlar shiringuftorlik bilan suhbat qurganlar, sandal atrofida jam bo’lib palov yoki norin tanovul qilishgan. “Yaldo kecha”larida gap-gashtak o’ynagan  xonadon sohibi mehmonlarni to’kin dasturxon tuzab kutib olgan.  Qo’y so’yilib, tandir  nonlar yopilgan. Qishga asralgan qovun-tarvuzlar, uzumu-anorlar omborlardan olib chiqilib dasturxonga peshma-pesh tortib turilgan. Xalq shu tariqa o’z bayramlarini nishonlab kelgan.

Internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi.